Chim ustida xokkey sport turining rivoji yoʻlida qilinayotgan ishlar muhokama qilindi
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati ishtirokida tashkil etilgan videokonferensiyada chim ustida xokkey sportida erishilgan yutuqlar hamda ushbu sport turini rivoji masalalari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlash kerak, ushbu sport turi oʻz vaqtida yurtimizda ancha rivojlangan, oʻzbekistonlik chim ustida xokkey ustalari esa qitʼa va jahon chempionatlari, hatto Olimpiya oʻyinlarida ham oʻz soʻzlarini aytishgan.
Ammo, keyinchalik, aniqrogʻi mustaqillikning dastlabki yillarida Oʻzbekistonda chim ustida xokkey sportiga eʼtiborning susayishi natijasida ommaviylik susaydi va shunga yarasha natijalar ham pasayib ketdi. Koʻplab mutaxassislar faoliyatini yakunladi yoki boshqa sohalarga oʻtib ketdi, mavjud maydonlar esa egasiz qolib, qarovsiz ahvolga kelib qoldi.
Biroq, oxirgi yillarda Oʻzbekistonda yana chim ustida xokkey sporti rivojlanmoqda. Bu jarayonda federatsiyaning amaldagi rahbariyati tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirib kelinayotgani tahsinga loyiq.
Shu bilan birga sohada muammolar ham mavjudligi taʼkidlanib, bu borada vazirlik hamda MOQ tomonidan Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasiga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatilishi taʼkidlandi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati