Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida masofaviy taʼlimga bagʻishlangan yigʻilish videokonferensiya tarzida tashkil etildi
Yurtimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishi oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin sharoitida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari uchun taʼlim jarayoni toʻxtab qolgani yoʻq. Universitetning professor-oʻqituvchilari tomonidan videodarslar, taqdimotlar tayyorlanib taʼlim jarayoni masofaviy usulda olib borilmoqda.
Maʼlumki Koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish vaqtida barcha universitet professor-oʻqituvchilari va ishchi-xodimlarining maksimal darajada uyda qolishlarini taʼminlash maqsadida ularning faoliyati samarali tashkil etilishi lozim.
Shu munosabat bilan joriy yilning 15-aprel kuni universitet rektori Mahmudjon Boltaboyev universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilari bilan videokonferensiya tarzida yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda universitet talabalari uchun masofaviy taʼlimni tashkil qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, http://moodle.uzdjtsu.uz/moodle/ platformasiga joylashtirilgan oʻquv-nazorat materiallarini qayta koʻrib chiqish, ularni tartibga keltirish, toʻldirish va takomillashtirish kerakligi taʼkidlab oʻtildi. Bundan tashqari universitet professor-oʻqituvchilariga onlayn taʼlimni yoʻlga qoʻyishda videomuloqot oʻrnatish uchun Zoom va boshqa dasturlardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Universitet professor-oʻqituvchilarning uydan turib ishlashi,shuningdek, chekka va olis hududlarida yashovchi ayrim talabalar bilan mobil internet aloqasi orqali ulanishda ham muammolar yuzaga kelishi mumkinligi inobatga olinib, ularning internetga ulanish imkoniyatlari oʻrganish boʻyicha tegishli boʻlimlarga vazifalar yuklandi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati