Maxsus intervyu – karantin davrida Taekvondo WT Assotsiatsiyasi faoliyati qanday davom etmoqda?

Maxsus intervyu – karantin davrida Taekvondo WT Assotsiatsiyasi faoliyati qanday davom etmoqda?

 

Maʼlumki, bugungi kunda koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatimizda karantin joriy etilgan, “Uyda qoling!” degan chorlov kun tartibida dolzarb boʻlib turibdi. Mana shunday sharoitda aksariyat korxona va tashkilotlar ichki imkoniyatdan kelib chiqib masofaviy ishlash tartibiga oʻtishgan. Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi ham bundan mustasno emas. Tokio Olimpiadasi oldidan tayyorgarlik va mashgʻulotlar, nufuzli musobaqaga hozirlik muhim. Bu borada ishlar qay tarzda olib borilayotgani va boshqa bir qator koʻpchilikni qiziqtirgan savollar boʻyicha assotsiatsiya raisi Sherzod Tashmatov assotsiatsiya matbuot xizmatiga intervyu berdi.

— Sherzod Rixsiboyevich, avvalambor suhbatga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Yurtimizda murakkab bir vaziyat kuzatilmoqda. Pandemiya sabab mamlakat boʻylab karantin joriy qilingan. Ammo shunga qaramasdan, oldimizda turgan masʼuliyatli vazifalar koʻp. Bunday vaziyatda taekvondo WT Assotsiatsiyasi qanday faoliyat olib bormoqda?

– Albatta bugungi kunda Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni, katta-yu kichik, rivojlangan-u, rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlarni birdek tashvishga solib turgan kunlarda yashayapmiz.

Afsuski, ushbu ofat jonajon Oʻzbekistonimizni ham chetlab oʻtmadi. Shunday bir sharoitda Muhtaram Prezidentimiz har kuni, har soatda vaziyatdan xabardor boʻlib, xalqimiz, mamlakatimiz uchun koronavirusning zararini kamaytirish, shunday murakkab bir vaziyatda aholimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jiddiy qarorlarni qabul qilmoqdalar.

Bugungi kunda kasbiga sadoqatli shifokorlarimiz, turli davlat idoralari vakillari bir boʻlib, koronavirusni daf etish, kasallarning sogʻayib ketishi uchun bir jon-u bir tan boʻlib harakat qilishmoqda.

Tadbirkorlarimiz, saxovatpesha yurtdoshlarimiz esa ijtimoiy jihatdan qiynalib qolgan, ehtiyojmandlarga moddiy va maʼnaviy koʻmak berishga bel bogʻlaganlari, ularning safi kun sayin ortib borayotgani esa xalqimizning bagʻrikengligini, bir mayizni qirq boʻlib yeyishdek ulugʻ fazilatlari sohibi ekanini yana bir karra isbotlamoqda.

Koronavirusni yengish, Prezidentimizning taʼbirlari bilan aytganda, uning oilamizga, mahallamizga kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik har birimizga bogʻliq.

Shundan kelib chiqib karantin qoidalariga qatʼiy rioya etsak, zarurat boʻlmaganda uydan chiqmasak biz oʻzimizni va yaqinlarimizni asragan boʻlamiz. Tegishli davlat idoralari xodimlarining talablariga, shifokorlarning tavsiyalariga soʻzsiz amal qilaylik.

Bugungi kunda tashkilot oʻz faoliyatini uydan turib davom ettirayapti. Bu murakkab vaziyat butun dunyoda kuzatilmoqda va u sportchilarni ham chetlab oʻtgan emas. Shu sabab Tokio Olimpiadasi ham 2021-yilga qoldirildi. Ammo toʻrt yillikning nufuzli musobaqasi qoldirilgan boʻlsa-da, taekvondochilarimizning tayyorgarliklari bir muddatga boʻlsada kechikkani yoʻq. Bu borada Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasining yordamini alohida eʼtirof etishim kerak. Sportchilarimizning ruhiyati tetik va biz ular uchun mukammallashgan maxsus dasturlar ishlab chiqqanmiz.

– Aynan qanday dastur haqida gap ketyapti?

– Bu dastur “masofaviy boshqarish” boʻlib murabbiylar sportchilarni kunlik mashgʻulotlarini video orqali nazorat qilib borish bilan birga kerakli boʻlgan vazifalarni, yuklamalarni berishmoqda. Bu jarayon shuningdek psixolog, shifokorning kun tartibidan ham joy olgan. Qolaversa, murabbiylarimiz yosh taekvondochilar uchun ham internet imkoniyatlaridan foydalangan holda mashgʻulotlarni davom ettirishayapti. Chet ellik mutaxassislar bilan muntazam ravishda fikr almashib turibmiz. Bir soʻz bilan aytganda, faoliyatimiz davom etmoqda.

– MOKda tashkil etilgan “Tezkor shtab” faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtmoqchi edim chunki aynan mana shu shtabni siz boshqarasiz, shu haqida maʼlumot bersangiz?

– Tezkor shtab bu bizning sportdagi yangi qadamimiz. Uning asosiy maqsad, vazifalari aniq belgilab olingan. Shtab aʼzolari tajribali murabbiylar va yetakchi sportchilarning yashash sharoitlari, kundalik tartibi, ish rejasi, qilinishi kerak boʻlgan vazifalarini keng qamrovli oʻrganib chiqmoqda va barcha kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilyapti. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan sport federatsiyalari va assotsisiyalarining rahbarlari bilan,sportga mutasaddi boʻlgan fidoiy masʼullar bilan birgalikda har kuni biz mukammallashgan tizim asosida ish olib boryapmiz. Nasib qilsa bu tizim yaqin orada oʻzining ijobiy natijasini berishiga umid qilamiz.

– Karantin davrida yana qanday ishlar bilan mashgʻul boʻlyapsiz?

– Odatda, murabbiylar, sportchilar va federatsiyalar rahbarlari turli tadbirlar, tashkiliy masalalar, musobaqalar yoki oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari sabab oila davrasida kam boʻlishadi. Oila har birimiz uchun – Vatan ichidagi kichik vatandir, jamiyatning ajralmas boʻlagi, tabiatning shoh asaridir. Toʻgʻrisi bugungi kunda biroz ishimiz koʻpayib vaqt topa olmayotgan oila-aʼzolarimiz davrasida ular bilan uy yumushlarini qilyapmiz.

– Uydagi bir kunlik tartibingiz bilan ulashsangiz.

– Oilam bilan har kuni ertalab turib birinchi navbatda tonggi badantarbiya mashqlarini bajaramiz. Keyin kompyuter qarshisiga oʻtirib, soʻnggi yangiliklar bilan tanishaman. Assotsiatsiyamiz xodimlari, mutaxassislarimiz va sportchilar bilan bogʻlanib, qilingan ishlar hisoboti va rejadagi ishlarni muhokama etib olamiz. Shundan soʻng farzandlarim bilan kitob oʻqish, shaxmat-shashka oʻynash, birgalashib televizor koʻrish va albatta mashgʻulotlarga vaqtim boʻlayapti. Buni barchaga tavsiya qilaman va yurtdoshlarimizga, “uyda qoling, oilangiz davrasida boʻling, shunda koronavirusni birgalikda yengamiz!” demoqchiman.

– Bilasiz jurnalist xalqi qiziquvchan boʻladi maʼlumotlarga qaraganda sizning oilangiz sportchilar oilasi va farzandlaringiz xalqaro musobaqalarda sovrindorlar safidan joy olgan?

– Sport salomatlik garovi. Bizning oila bunga amal qiladi. Toʻngʻich farzandim Ali xapkido bilan 9 yildan beri shugʻullanib keladi va u Jahon chempionatining kumush medali sohibi shuningdek Osiyo chempioni, qizim taekvondo va badiiy gimnastika bilan kichik oʻgʻlim esa taekvondo bilan shugʻullanadi.Ular qaysi bir sohani egasi boʻlmasin oʻz salomatliklari uchun shugʻullanishi kerak.Shu oʻrinda tabobat ilmining sultoni bobomiz Abu Ali Ibn Sinoning hikmatlaridan keltirmoqchiman: Oʻz vaqtida, meʼyori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yoʻlamaydi.

– Bilamiz sportda katta tajribaga egasiz sizning faoliyatingiz davomida muaytay, boks boʻyicha terma jamoalarimiz vakillari dunyoda tengsizlar qatorida eʼtirof etildi, ular oʻzbek sportida yangi sahifa ochib berishdi. Biz boshqa sport turlarida ham mana shunday natijaga erisha olamizmi?

– Albatta erisha olamiz, buning uchun avvalo inson har bir boshlagan ishiga mehr qoʻyishi kerak. Ortiqcha balandparvoz gaplarni aytmoqchi emasman, yurtimizda sportchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlsa-yu, biz nima uchun undan foydalanmasligimiz kerak,avvalo mamlakatimizning chekka-chekka hududlaridan qalbi olov, koʻzi yonib turgan shu ona tuproq uchun yurt uchun kamarbasta boʻlishga bel bogʻlagan yoshlarimiz koʻp faqatgina biz ularni yoʻnaltira olishimiz,maʼnaviyatni shakllantirishimiz va ularda Vatanga boʻlgan mehr hissini uygʻota olishimiz hamda millat tayanchi ona vatan ishonchi boʻlishimiz kerak.

– Intervyu uchun rahmat, hamyurtlarimizga tilaklaringiz?

– Barchamiz uyda qolaylik bu juda oddiy va mushkul ish emas. Farzandlarimiz bilan dars qilaylik, anchadan beri niyat qilib, lekin vaqt topolmay yurgan kitoblarimizni oʻqiylik, audiodarslar yordamida til oʻrganaylik. Oilamizni, mahallamizni, ona Oʻzbekistonimizni koronavirusdan himoya qilaylik! Qalb amirga quloq tuting, biz bormiz, biz birmiz va biz bu imtihondan ham birgalikda muvaffaqiyatli oʻtamiz!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati