Yosh qilichbozlarimiz jamoalari g’alabaga erishdi

Yosh qilichbozlarimiz jamoalari g’alabaga erishdi
O’zbekistonlik yosh sablyachilar jamoalari Qozog’iztonning Chimkent shahrida Olga Felinskaya sharafiga o’tkazilgan qilichbozlik bo’yicha ochiq turnirda g’oliblar qatoridan o’rin o’ldi. 
O’smir qizlar o’rtasida o’tkazilgan jamoaviy bahsda O’zbekiston terma jamoasi (Shaxzoda Shukurova, Aygul Shamuratova, Bibiaisha Xusanboyeva, Karina Kurbanova) hal qiluvchi final bosqichida Astana terma jamoasini mag’lubiyatga uchratib, faxrli 1-o’rinni egalladi. 
Shuningdek sablyachi qizlarimiz yoshlar toifasidagi jamoaviy bellashuvda ham tarkibida Osiyo turniri sovrindorlari bo’lgan Almata terma jamoasini dog’da qoldirib, 1-o’rin hamda oltin medallarni qo’lga kiritdi. 
O’smirlar o’rtasidagi o’g’il bolalar jamoalari orasida O’zbekistonlik sablyachilarimiz Azim Shokirov, Aziz Karimboyev, Aziz Shokirovdan iborat terma jamoa Chimkent jamoasi ustidan g’alaba qozonib, 1-o’ringa ega bo’ldi. 
Biroq, yigitlarimiz jamoasi yoshlar ortasidagi jamoaviy bahsda Chimkent jamoasiga 45-43 hisobida imkoniyatni boy berib, 3-o’ringa sazovor boldi.
Yoshlar toifasida o’tkazilgan yakkalik bahsida Aziz Shokirov 3-o’rinni egallab, bronza medali bilan taqdirlandi.