Intervyu

Baxodir Nazirov: "Dunyoda Vatandan muqaddas va azizroq ne`mat yo'q..."

Bizning bugungi suhbatdoshimiz O'zbekiston qilichbozlik bo'yicha Faxriylar Kengashi raisi, xalqaro Faxriylar qilichbozligi bo'icha ko'plab nufuzli musobaqalar g'olib va sovrindori, qilichbozlikning rapira yonalishidagi sport ustasi Bahodir Nazirov.

- O'zbekistonda qilichbozlikning rivojlantirishi haqida gapirib bersangiz.

- Ma`lumki, mustaqillik yillarigacha bo'lgan davrda mamkatimizda qilichbozlik jadal suratlarda rivojlanib kelgan, e`tiborli jihati ko'plab oliy o'quv yurtlar negizida qilichbozlik seksiyalari faoliyat olib borgan va ular o'rtasida muntazam musobaqalar uyishtirilgan. Shu bilan birga, o'zbek qilichbozlari ichida jahon arenalarini zabt etgan Sobir Ro'ziyev, Vitaliy Logvin kabi mashxur, afsonaviy sportchilar yetishib chiqgan.

Aytish kerakki, o'tgan asrning 90-yillariga kelib ilk mustaqillik davrlarida vatanimizda, barcha sohalarda sodir bo'lgani kabi, qilichbozlik sportining rivojlanish pallasida ham qiyin davrlar boshlandi. Asosan kadrlar masalasida yetshmovchilik kuzatildi, juda ko'plab sportchi, murabbiylar chet ellarga ko'chib ketishdi, bu yerda qolgan murabbiylar esa imkon qadar yosh qilichbozlarni tayyorlashda fidoiylik ko'rsatishdi. Biroq, joylarda qilichbozlikni rivojlantirish uchun moddiy texnika bazalari, chet davlatlarga chiqib o'quv yig'in mashg'ulotlarini o'tqazish va xalqaro musobaqalarda ishtrok etish uchun moilaviy ta`minot masalalarida jiddiy muommolar yuzaga kelgan edi.

O'sha paytlarda qilichbozlar shug'illanadigan yagona "Paxtakor" zalini ham olib qo'yishgan edi. Shunda biz qiyinchilik bilan o'zbek qilichbozlarini yig'ib, hammamiz birgalikda jonbozlik ko'rsatib bu zalni qaytarishga harakat qildik va natijada "Paxtakor" qilichbozlik zalini qaytarib olishga erishdik. Albatta, bu ishlar Xalqaro qilichbozlik federatssiyasi-FIE raxbariyati shuningdek Sobir Ro'ziyev va Vitaliy Logvinlarning qo'llab quvvatlashi sababli amalga oshirildi.

        Quvonchli jixati shundaki, so'ngi yillarda O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasining olib borayotgan aniq maqsadga yonaltirilgan samarali faoliyati natijasida ushbu ajoyib va jozibador sport turi mamlakatimizda yanada omallashib, rivojlanib kelmoqda. Bunga misol qilib 2015-yilda poytaxtimiz Toshkent shahrida o'tqazilgan qilichbozlik bo'yicha  o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionati va 2018-2019-yillarda otkazilgan nufuzli "Sattellit" (shpaga yonalishi bo'yicha erkaklar o'rtasida) xalqaro turniri hamda o'smir qizlar o'rtasida (sablya yonalishidagi) Jaxon Kubogi bosqichlarini yuqori saviyada o'tqazilganligini aytish mumkin.

- Sport sohasidagi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.

- Biz yoshligimizda g'isht ham tayyorlardik, loy ham qilardik va shu bilan birga sport bilan ham shug'illanishga vaqt topardik.  Mening asosiy kasbim muhandis-irrigator bo'lsa-da, men hayotimni sportsiz tasavvur qilolmayman. Mana qarigan chog'imda ham yana katta sportga qaytib, faxriylar o'rtasida o'tkazilinadigan qator nufuzli xalqaro musobaqalarda muntazam qantashib, bu turnilarda bir necha bor g'oliblikni qo'lga kiritgamman.

2014-yil Debretsen shahri (Vengriya)da o'tkazilgan faxriylar o'rtasidagi xalqaro musobaqada juda qiziq voqea sodir bo'lgan edi. Musobaqalar boshlanishiga biroz vaqt bor, qarasam musoboqa o'tayotgan zalning shiftiga barcha ishtirok etayotgan sportchilarning mamlakatlari bayroqlari ilingan, lekin O'zbekiston bayrog'i yo'q. Shunda men turnirning texnik dereksiyasi a`zolari oldiga bordim va nima sababdan bizning mamlakatimiz bayrog'i yo'qligini soraganimda ular menga O'zbekiston bayrog'ini topa olmaganligini aytishdi, shunga qaramay men bayrog'imiz bo'lishini qat`iy talab qildim. Shundan so'ng biroz vaqt o'tib ular internet orqali bayrog'imizning nusxasini katta hajmdagi qog'ozga tushirib boshqa bayroqlar qatoriga ilib qo'yishgan edi. E`tiborlisi o'sha bayroqlar orasida Vatanimiz bayrog'i eng chiroyli va juda ko'rkam bo'lib turar edi, bu menga cheksiz iftixor bag'ishlagandi.

Aytish kerakki xalqaro turnilarda ishtirok etish uchun albatta moliyaviy ko'mak talab etiladi. Shu bois ham men "Qilichbozlik istiqboli uchun" xalqaro hayriya jamgarmasiga murojaat qilganimdan so'ng ular imkoniyat darajasida ayrim musobaqlarda ishtirok etishim uchun moilaviy yordam ko'rsatishni boshlashdi va O'zQF ham bu borada yordamini berib kelmoqda. Ma`lumki bu kabi Xalqaro musobaqalarda ishtirok etish O'zbekistonimizning jahon arenasidagi sport imijini, yani nufuzini yanada oshiradi.

- Qilichbozlik bo'yicha Faxriylar Kengashi qachon va qanday tashkil topgan?

- 2009-yilda men Maskovaga (Rossiya) so'ngra Avstriyaga bordim va o'sha vaqtdan boshlab qilichbozlik sporti faxriylarini yig'ishga hamda "Faxriylar qilichbozligi tog'risidagi Nizom"ni ishlab chiqishga kirishdim. Hozirda O'zbekiston  qilichbozlik faxriylari 20 nafarni tashkil etadi. Biz faxriylar odatda Toshkentda o'tkazilinadigan xalqaro turnirlar, respublika miqyosidagi musobaqalar, kuzatish marosimlari, yirik tantana va tadbirlar munosabati bilan yig'ilib turamiz. O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi faxriylarni har bayramlarda, yubileylar munosabati bilan tez-tez yo'qlab va har tomonlama rag'batlantirib turadi va biz bundan juda minnatdormiz.

- Yosh qilichbozlarga sizning tilaklaringiz.

- O'zbekistonimizda qilichbozlik sportida yosh, iqtidorli va albatta kelajagi porloq avlod o'sib kelayotgani quvonarli hol. Men yoshlarimizga hamisha yagona mafkuraviy g'oya, ma`naviy-ma`rifiy tarbiya asosi bo'lgan Vatanparvarlik ruhida faoliyat olib borishlarini tilab qolaman. Zero, dunyoda Vatandan azizroq va muqaddas ne`mat yo'q.

Yosh qilichbozlarimizga o'z bilimi va mahoratini, bor kuch-g'ayratini sarf etayotgan jonkuyar murabbiylarga esa, mustahkam sog'lik, ishlarida rivoj tilayman. Albatta, o'zbek qilichbozlarimiz kelgusida Jaxon va Osiyo Chempionatlari, Kuboklari, Olimpiyada O'yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yurtimiz bayrog'ini ko'klarga ko'tarib, yorqin sport g'alabalarini qo'lga kiritishlariga ishonaman.

Muborak Yakubova suhbatlashdi.