Соғлом турмуш тарзи

“Sport haftaligi” doirasida “Doʻstlik” sport festivali tashkil etildi

Xorazm viloyatida tashkil qilinayotgan “Sport haftaligi” doirasida kecha Urganch davlat universitetida “Doʻstlik” sport festivali oʻtkazildi. Mazkur festivalda azaldan qardosh xalqlar hisoblangan oʻzbek va turkman yoshlari bir safda turib, ommaviy sport tadbirlarida ishtirok etishdi.

Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda Urganch davlat universitetida 1 500 nafarga yaqin chet el fuqarolari (asosan Turkmaniston Respublikasi yoshlari) tahsil olishadi. Ulardan qariyb 1 000 nafari ayni damda taʼlim muassasasining “Talabalar turar joyi”da istiqomat qiladi.

Bugungi pandemiya sharoitida talaba yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish, ikki xalq yoshlari orasida oʻzaro madaniy-doʻstlik aloqalarini yana-da mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Doʻstlik” sport festivali doirasidagi tadbirlar erta tongdan ommaviy badantarbiya mashqlari hamda “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” loyihalari bilan boshlandi. Ertalabki ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida 600 nafarga yaqin talaba faol ishtirok etdi.

Shuningdek, kun davomida talaba yoshlar mini futbol, shaxmat-shashka, armrestling sport turlari, qolaversa milliy sport turlaridan arqon tortish va tosh koʻtarish boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Musobaqalarda 300 nafarga yaqin talaba yoshlar ishtirok etdi. Sport festivali yakunida gʻolib va sovrindorlar Xorazm viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining diplom va medallari bilan taqdirlandilar.

Xorazm viloyatida “Sport haftaligi” doirasidagi sport tadbirlari davom etmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati