#uydaqol! #hayotgaqoʻshil! chellenjida navbatdagi gʻoliblar aniqlandi

#uydaqol! #hayotgaqoʻshil! chellenjida navbatdagi gʻoliblar aniqlandi

 

 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi pandemiya davrida yurtdoshlarimiz orasida uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan faol shugʻullanishni targʻib qilish maqsadida tashkil etgan #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! chellenjida navbatdagi gʻoliblar aniqlandi.

 

Joriy yil 3-avgustdan qayta yoʻlga qoʻyilgan chellenjda qatnashish orqali yurtdoshlarimiz nafaqat oʻz salomatliklarini mustahkamlashi, balki qimmatbaho sovgʻalarni yutib olishlari mumkin.

 

Bu safar gʻolib va sovrindorlar ikki hafta davomida yuborilgan videolar orasidan saralandi. Shu davr oraligʻida mamlakatimizdagi sportsevar oilalar tomonidan yuborilgan videoroliklar koʻrib chiqildi va hakamlar hayʼati tomonidan eng yaxshi deya eʼtirof etilgan 4 tasi gʻolib deb topildi.

 

Chellenjda bu safar 1-oʻringga poytaxtlik aka-uka Normoʻminov Firdavs va Muhammadqodirlar tayyorlagan video munosib koʻrildi.

 

Mazkur chellenjda boshqa hududlarga qaraganda sirdaryoliklar anchayin faol desak mubolagʻa boʻlmaydi. Hakamlar hayʼati qaroriga koʻra 2-oʻrinni Sirdaryo viloyati Guliston shahrida istiqomat qiluvchi Muxlisa va Diyorbek Bobojonovlar tomonidan taqdim etilgan videorolik loyiq deb topildi.

 

Bu gal uchinchi oʻringga Navoiy viloyati Karmana tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Hazratov Fayozbek hamda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida istiqomat qiluvchi Mavlonjonovlar oilasiga nasib etdi.

 

Eslatib oʻtamiz, chellenj gʻolib va sovrindorlari velotrenajyor bilan mukofotlanadi.

 

Siz ham #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! chellenjida faol ishtirok eting hamda qimmatbaho sovgʻalarni qoʻlga kiriting. Unutmang, chellenj 2020-yilning 15-dekabriga qadar davom etadi.

 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

 

Matbuot xizmati