Bahodir Jalolov uchun nima muhim: Olimpiada chempionligimi yoki prof boksning oltin kamari?

Oʻzbek boks maktabining yorqin yulduzlaridan biri, ham havaskor, ham professional boksda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan mahoratli charm qoʻlqop ustasi Bahodir Jalolov ayni kunlarda nimalar bilan band? Uning yaqin kelajakdagi rejalari qanday? Quyida OʻzA muxbirining isteʼdodli sportchimiz bilan suhbatini eʼtiboringizga havola qilamiz.

- Odatda sportchilarda boʻsh vaqt kam boʻladi. Karantin vaqtida eʼtiborimni avvalo salomatligimni yana-da mustahkamlashga qaratdim, davolandim. Shuningdek, jismoniy holatimni yaxshilash maqsadida dzyudo bilan ham shugʻullandim. Hozir boks boʻyicha terma jamoamiz safida mashgʻulotlarni davom ettiryapman, - dedi Bahodir Jalolov suhbat avvalida.
- Olimpiya oʻyinlarining bir yilga kechiktirilgani sizga qanday taʼsir koʻrsatdi?
- Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan sportchi ushbu nufuzli musobaqani kutadi va unda yaxshi natija qayd etish uchun mashgʻulotlarga zoʻr beradi. Olimpiya oʻyinlari surilgani menga unchalik taʼsir oʻtkazmadi. Toʻgʻri, jahon chempionati va toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi yoʻllanmasi uchun oʻtkazilgan musobaqalarda yaxshi sport formasida edim. Biroq pandemiya sabab, Olimpiada qoldirildi. Har qanday sharoitda ham men ushbu musobaqaga tayyorman.

- Bu oʻzgarish rejalaringizga taʼsir qildimi?
- Albatta, rejalarimga taʼsir oʻtkazdi. Olimpiya oʻyinlaridan soʻng, professional ringdagi faoliyatimni davom ettirmoqchi edim. Endi barcha rejalar oʻzgardi.
- Olimpiya oʻyinlariga qadar bir yildan koʻproq vaqtingiz bor (agar musobaqa muddati yana oʻzgarmasa). Bu vaqt mobaynida nimalar bilan band boʻlasiz?
- Hozir musobaqalar oʻtkazilishi boʻyicha aniq qarorni kutmoqdamiz va Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishda davom etamiz. Karantin holati yumshatilib, musobaqalar oʻtkazila boshlansa Olimpiya oʻyinlariga qadar professional boksda ham 2-3 ta jang oʻtkazib, reytingdagi oʻrnimni yaxshilab olmoqchiman.

- Qay birini tanlaysiz, Olimpiya oʻyinlari oltin medalimi yoki professional boksdagi jahon chempionligi kamarinimi?
- Olimpiya oʻyinlari oltin medali va professional boks boʻyicha jahon chempionligi boks olamining eng yuqori choʻqqisidir. Men uchun Olimpiya oʻyinlari oltin medali afzalroq. Sababi, havaskor boksdagi yagona maqsadim Olimp choʻqqisini zabt etish. Ushbu orzum amalga oshganidan soʻng professional ringda jahon chempionligi kamari uchun bor kuch gʻayratim bilan harakat qilaman.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati