Respublika maxsus komissiyasi axboroti: Oʻzbekistonda ham futbol uchrashuvlariga ruxsat berildi, faqat...

Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab amaldagi karantin talablari 2020-yil 15-iyunga qadar uzaytirildi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi axborotida maʼlum qilingan.

Ammo, shunga qaramay 2020-yil 1-iyundan boshlab bir qator faoliyat turlariga ham ruxsat berilmoqda:

Jumladan, futbol boʻyicha xalqaro va ichki musobaqalarga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrish hamda ularda qatnashish maqsadida professional futbol klublariga oʻz oʻquv mashgʻulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda boshlashga imkon beriladi.

2020-yil 5-iyundan boshlab Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlarini TOMOSHABINLAR ISHTIROKISIZ davom ettirishga ruxsat berilmoqda.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda BARCHA HUDUDLARDA ularning toifasidan qatʼi nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinishi belgilandi:

  • jamoat joylarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash;
  • uch kishidan ortiq yigʻilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;
  • taʼlim tashkilotlari (bogʻcha, maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar), oʻquv kurslari faoliyatini yoʻlga qoʻymaslik;
  • koʻngilochar obyektlar — tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter oʻyinlari markazlari faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik;
  • konsert, teatr, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari oʻquv mashgʻulotlari va Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) oʻtkazmaslik;
  • jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
  • buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat bermaslik;
  • dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik doʻkonlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37ºS va undan yuqori boʻlgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini koʻrish;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan taʼminlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini taʼminlash;
  • qurilish-taʼmirlash ishlarida obyektlarning hududi toʻliq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda obyektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilish, oʻz faoliyatini faqatgina tegishli obyekt hududi doirasida tashkil etish.

Shuningdek, “yashil” hududlarda “sariq” hududlarga qoʻshimcha ravishda:

  • sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyati (xostellar bundan mustasno);
  • sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyati;
  • oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishga maxsus qoidalar asosida ruxsat etildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati