Tokio-2020 bir yilga kechiktirilgan boʻlsada, tayyorgarlik jarayoni aslo susaygani yoʻq

Olimpiya sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalarimiz vakillarining karantin davridagi mashgʻuloti, ularning sport formasini imkon qadar yuqori darajada ushlab turish borasida maxsus dasturlar ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq, may oyining soʻnggi haftasida Oʻzbekiston boks, dzyudo, karate WKF, ogʻir atletika, qilichbozlik, gimnastika, velosport, Rowing&Canoe, suzish, tennis, zamonaviy beshkurash federatsiyalari, taekvondo WTF, sport kurashlari hamda Paralimpiya assotsiatsiyalari rahbariyati, bosh kotiblari, bosh trenerlar va trenerlar bilan ZOOM platformasi orqali yigʻilishlar oʻtkazildi, deb xabar beradi MOQ matbuot xizmati.

Yigʻilishlarda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.Irmatov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti R.Shoabdurahmonov, vazirlik hamda MOQ masʼul xodimlari ishtirok etib, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish, sportchilarning respublika va xalqaro musobaqalardagi ishtirokini taʼminlash boʻyicha muhokamalar olib borishdi.

Mazkur yigʻilishlarda yuqorida qayd etilgan har bir federatsiya va assotsiatsiya bosh kotiblari, bosh trenerlari tomonidan Olimpiya oʻyinlariga litsenziya olishi kutilayotgan har bir sportchining 2018-2020-yillarda erishgan natijalari, bugungi kundagi jismoniy holati va qoʻlga kiritishi kutilayotgan natijalar yuzasidan himoya-taqdimoti va hisobotlari tinglandi.

Pandemiya sharoitida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish, sportchilarning respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash yuzasidan barcha qiziqtirgan savollarga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda MOQ rahbariyati tomonidan asoslantirilgan javoblar va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari rahbarlariga himoya-taqdimot sifatida tayyorlangan slaydlar va hisobotlarni bayonlashtirib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga taqdim etish topshirildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati