“Sardoba fojiasi”dan jabr chekkan aholi kayfiyatini koʻtarish maqsadida sport tadbirlari tashkil etildi

“Sardoba” suv omborining oʻpirilishi natijasida talofat koʻrgan hududlar aholisi viloyatdagi 20 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlariga evakuatsiya qilingan. Texnogen halokat oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan hukumat komissiyasi tuzilgan boʻlib, hozirgi kunda hokimliklar hamda vazirliklar tomonidan talofat koʻrgan hududlarni tiklash, qayta qurish va obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan Sardoba va Mirzaobod tumanlarining halokat natijasida jabr koʻrgan aholisini ijtimoiy himoya qilish, sinovli kunlarda ularning kayfiyatini koʻtarish, shuningdek jismoniy tarbiya va sportga jalb etish orqali fuqarolar hamda ularning farzandlarini boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Jismoniy tarbiya va sport va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Koʻngilli sportchilar” guruhi tomonidan erta tongdan Sardoba va Mirzaobod tumanlaridagi ijtimoiy soha obyektlariga joylashtirilgan fuqarolar va ularning farzandlari oʻrtasida sport tadbirlari tashkil etildi. Fuqarolar kunni ertalabki badantarbiya mashqlari bilan boshlab, keyin stol tennisi, shaxmat-shashka musobaqalarida bellashish bilan davom ettirishdi.

Musobaqalar yakunida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati